Iqtisodiyot
Imarat Development rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qozgatildi
Poytaxtda fuqarolarga vaʼda qilingan yangi uylar aslida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida qurilayotgani maʼlum boʻlgach, xaridorlar kvartira pulini qaytarishni talab qilishdi. Biroq masʼul shaxslar tomonidan toʻlovlar qaytarib berilmadi. Shu sababli bir guruh fuqarolar huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, mazkur MCHJ faoliyati yuzasidan ishonchsizlik bildirishdi va qonuniy chora koʻrishni soʻrashdi.
Toshkent shahar IIBB tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, Sergeli tumanidagi Buyuk avlod shoh koʻchasida joylashgan Imarat Development masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyatiga nisbatan jiddiy eʼtirozlar mavjud. Xaridorlar poytaxtda uy sotib olayotganini oʻylagan holda shartnomalar tuzishgan, biroq qurilish ishlari boshqa hududda olib borilayotgani ularning haqli noroziligiga sabab boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan rasman jinoyat ishi qoʻzgatildi. Xususan, tergov harakatlari Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) hamda 192 prim.11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish) alomatlari boʻyicha olib borilmoqda.
Sodir etilgan ehtimoliy qonunbuzarlik holatlari va fuqarolarning murojaatlari yuzasidan barcha zarur tergov harakatlari shahar IIBB boshligʻi hamda prokuratura tomonidan shaxsan nazoratga olingan. Huquq-tartibot idoralari vakillari fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va ish boʻyicha adolatli qaror qabul qilinishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratishmoqda.
Tergov natijalariga koʻra barcha qonunbuzarlarga nisbatan qatʼiy qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanishi qatʼiy taʼkidlandi. Mutaxassislar fuqarolarga yangi uy-joy sotib olishda shartnomalarni diqqat bilan oʻqib chiqishni va ishonchli qurilish kompaniyalarini tanlashni tavsiya qilishadi.
Ulashish