← Orqaga
searchTV.uz

Yevropa markaziy banki rahbari Kristin Lagard muddatidan oldin lavozimini tark etmoqda

Yevropa markaziy banki rahbari Kristin Lagard o'z lavozimini muddatidan oldin tark etishini e'lon qildi. Bank matbuot xizmatining xabar berishicha, Lagard 2027-yil 7-fevral kuni iste'foga chiqadi. U bu haqda YEMB Boshqaruv kengashi va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koştaga ma'lum qilgan. Reuters agentligining eslatishicha, Kristin Lagardning vakolat muddati aslida 2027-yil oktabr oyida tugashi kerak edi. Uning muddatidan oldin ketishi Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Mersga 2027-yil aprelda Fransiyada bo'lib o'tadigan saylovlarga qadar yangi rahbar tayinlash masalasini hal qilish imkonini beradi, deb yozadi dpa agentligi. Lagardning kutilgan bu qadami haqida anchadan beri turli xabarlar tarqalgan edi. Ba'zi tahlilchilarning fikricha, Marin Le Pen boshchiligidagi o'ng populistlarning Fransiyadagi saylarda g‘alaba qozonishi YEMBning yangi rahbariyatini tayinlash jarayonini qiyinlashtirishi mumkin edi. Shu bois muddatidan oldin ketish orqali Yevropa tarafdori bo'lgan mo'tadil qarashlarga ega nomzodning saylanishiga zamin yaratish ko'zlangan bo'lishi mumkinligini DW avvalroq qayd etgandi. Shu bilan birga, mutaxassislar ixtiyoriy ravishda muddatidan oldin lavozimni tark etish ham YEMB mustaqilligi borasida ayrim xavotirlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. Bank hech qanday siyosiy aralashuvlarsiz faoliyat yuritishi, uning asosiy vakolatlari esa Yevropa Ittifoqini tashkil etish to'g'risidagi shartnomalar bilan himoyalangan narxlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan bo'lishi shart. Tahlilchilar yaqin istiqbolda Yevropa markaziy bankining pul-kredit siyosatida keskin o'zgarishlar bo'lmasligini va siyosat o'zgarmasiz qolishini kutishmoqda. Reuters agentligining yozishicha, Kristin Lagard iste'fodan so'ng Jahon iqtisodiy forumida ishga o'tishi mumkin. Yevropa kengashi raisi Antoniu Koşta Lagardning o'rniga yangi nomzodni aniqlash jarayoni 29-oktabr kuniyoq boshlanishini ma'lum qildi. Bu jarayon Yevropa Ittifoqi moliyaviy barqarorligini saqlab qolish va kelajakdagi rahbariyat uzluksizligini ta'minlash yo'lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ulashish