← Orqaga
searchTV.uz

Saudiyadagi 400 metrlik ulkan kub loyihasiga yangi rahbar keldi

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda ulkan kub shaklidagi Mukaab binosini qamrab oluvchi New Murabba loyihasining rahbari almashdi. Bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib Saboh Barakat tayinlandi. Bu o'zgarish megaloyihaning moliyalashtirilishi va amalga oshirish imkoniyatlari qayta baholanayotgani haqidagi xabarlar ortidan yuz berdi. Rahbariyatdagi almashinuv haqida avgust oxirida Financial Times xabar bergan edi. Kompaniyaning rasmiy saytida ham hozir rahbar sifatida Saboh Barakat ko'rsatilgan. U New Murabba loyihasini 2024-yil yanvaridan boshqarib kelgan Maykl Dayk o'rnini egalladi. Kompaniya ma'lumotlariga ko'ra, Saboh Barakat ko'chmas mulk va yirik shaharsozlik loyihalarida 35 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. U shuningdek, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg'armasida ham rahbarlik lavozimida ishlaydi va avval ROSHN kompaniyasini vaqtincha boshqargan. Yanvar oyida Reuters agentligi manbalariga tayanib, Mukaab binosida tuproq qazish va qoziqlar o'rnatishdan tashqari ishlar vaqtincha to'xtatib turilganini xabar qilgan edi. Hukumat loyihaning moliyalashtirilishi va amalga oshirish imkoniyatlarini baholayotgani, atrofdagi hududni rivojlantirish ishlari esa davom etishi kutilgan edi. May oyida kompaniya qariyb 15 million kub metr tuproq qazib olingani va 1200 ta qoziq o'rnatilganini ma'lum qilgandi. Biroq bu natijalar faqat poydevorni tayyorlash ishlariga tegishli bo'lib, binoning yer usti qismi qachon qurilishi yoki majmua qachon ochilishi hozircha aniqlashtirilmagan. New Murabba loyihasining amaldagi taqdimotida Mukaab hamon 400 metrlik ulkan me'moriy obyekt sifatida ko'rsatilmoqda. Uning ichida savdo maydonlari, mehmonxonalar, turar joylar va madaniy obyektlar joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihaning yangi bosqichidagi muhim amaliy kelishuvlardan biri Almana Medical Group bilan hamkorlik bo'ldi. New Murabba hududida umumiy yo'nalishdagi 200 o'rinli shifoxona qurilishi uchun qariyb 1 milliard Saudiya riali miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Ulashish