Iqtisodiyot
Suv olish qoidasi takroran buzilsa, moliyaviy sanksiya besh baravar oshadi
Oʻzbekistonda suv olish tartibini buzgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiya qoʻllash tartibi rasman tasdiqlandi. Hukumatning 2026-yil 21-oktabrdagi 585-son qaroriga muvofiq, yangi qoidalar qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, sanoat, energetika va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olishdagi huquqbuzarliklarga tatbiq etiladi. Hujjatda suv olish tartibini buzish deb hisoblanadigan bir qator holatlar aniq belgilab berildi.
Jumladan, belgilangan limitdan ortiqcha suv olish, suv olish shartnomasini rasmiylashtirmasdan suvdan foydalanish, shuningdek, suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamaslik qoidabuzarlik hisoblanadi. Bundan tashqari, suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz suv olish yoki oʻzboshimchalik bilan tarmoqqa ulanish ham qonunbuzarlik sifatida baholanadi. Ushbu qoidalar suv resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.
Kelgusi yilning 2027-yil 1-yanvaridan boshlab «Birinchi xato uchun - ogohlantirish» tamoyili amaliyotga kiritiladi. Bu qoida yil davomida birinchi marta suv olish tartibini buzgan, biroq fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga hamda oʻzgalar mulkiga zarar yetkazmagan yuridik shaxslarga nisbatan qoʻllanadi. Bunday holatda Inspeksiya qoidabuzarni suvnazorat.uz elektron platformasi orqali xabardor qiladi va kamchilikni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma beradi.
Agar koʻrsatilgan holat 10 kun ichida bartaraf etilmasa, yuridik shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiya qoʻllanadi. Sanksiya miqdori har ming kub metr suv uchun bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan, Suv kodeksining 164-moddasida belgilangan foizlar asosida hisoblab chiqiladi. Tartib bir yil ichida ikkinchi marta buzilsa, moliyaviy jarima miqdori besh baravar oshirilgan holda belgilanadi.
Qarorda yuridik shaxslarga toʻlovni ixtiyoriy amalga oshirish uchun qulayliklar ham yaratilgan. Agar sanksiya hisob-kitobi olingan kundan boshlab bir oy ichida summaning 50 foizi toʻlansa, tadbirkorlik subyekti qolgan qismini toʻlashdan ozod etiladi. Shuningdek, jarimani olti oydan kechiktirmasdan boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati ham mavjud boʻlib, bunda har oylik toʻlov umumiy summaning oltidan bir qismidan kam boʻlmasligi talab etiladi.
Dastlabki toʻlov belgilangan muddatda amalga oshirilsa, boʻlib toʻlash tartibi avtomatik tarzda amal qiladi. Nizom talablariga muvofiq, sanksiya ixtiyoriy ravishda toʻlanganda huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanmagan deb hisoblanadi. Biroq, bir oy ichida ixtiyoriy toʻlov amalga oshirilmasa, Inspeksiya belgilangan tartibda sudga daʼvo arizasi kiritishga haqlidir.
Ulashish