Iqtisodiyot
Moliyaviy xizmat sinovda boʻlsa, bu reklamada ham koʻrsatilishi shart
Oʻzbekistonda «Tartibga solish qumdoni» doirasida taqdim etilayotgan moliyaviy xizmatlarning sinov maqomi reklama va axborot materiallarida koʻrsatilishi shart etib belgilandi. Shuningdek, maxsus rejimda uchta alohida sinov yoʻlagi joriy etilib, ishtirokchilar doirasi kengaytirildi. Adliya vazirligi Markaziy bankning moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimga oid idoraviy hujjatini 2026-yil 19-oktabrda 3956-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Yangi tartibga koʻra, mazkur hujjat maxsus huquqiy rejimni joriy etish va bekor qilish, shuningdek, uning doirasida faoliyat yuritish tartibini qatʼiy belgilaydi. «Tartibga solish qumdoni» doirasida uchta alohida sinov yoʻlagi nazarda tutilgan boʻlib, ular «innovatsiya», «akseleratsiya» va «texnologik hamkorlik» yoʻnalishlaridan iborat. Bu esa ishtirokchilarga oʻz loyihalarini yanada samarali sinovdan oʻtkazish imkonini beradi. Shuningdek, maxsus rejimda qatnashish imkoniyati endilikda norezident yuridik shaxslarga ham berildi. Ular birgalikda ariza beruvchi sifatida ushbu jarayonda ishtirok etishi mumkin boʻladi. Faoliyati Markaziy bankdan boshqa davlat organlari tomonidan tartibga solinadigan yuridik shaxslar uchun ham «qumdon»da qatnashish imkoniyati yaratildi. Yangi moliyaviy xizmatni joriy qilmoqchi boʻlgan yuridik shaxslar uchun ariza topshirishdan oldin maslahat olish mexanizmi ham kiritildi. Shu bilan birga, «Tartibga solish qumdoni» ishtirokchilari reyestrini yuritish tartibi aniq belgilab qoʻyildi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va ularni oʻz vaqtida xabardor qilish maqsadida alohida talab qoʻyildi. Unga koʻra, ushbu rejimdagi moliyaviy xizmatni targʻib qiluvchi har qanday reklama va axborot materiallarida xizmat «Tartibga solish qumdoni» doirasida sinov tariqasida taqdim etilayotgani aniq koʻrsatilishi shart.
Ulashish