Jahon yangiliklari
Fransiyadagi maktab oʻquvchilari noroziligi ommaviy namoyishlarga aylanib ketdi
Fransiyada taʼlim tizimiga oid talablar bilan boshlangan norozilik aksiyalari mamlakat miqyosida ommaviy namoyishlarga aylandi. Dastlab kichik guruhlarning chiqishlari sifatida boshlangan harakatga qisqa vaqt ichida talabalar, kasaba uyushmalari va fermerlar ham oʻz qoʻshilishlarini bildirishdi.
17-oktabr kuni boʻlib oʻtgan keng koʻlamli namoyishlarda turli hisob-kitoblarga koʻra, 500 mingdan 800 minggacha fuqaro ishtirok etdi. Biroq aksiyalar tinch tusda davom etmadi va ayrim shaharlarda jiddiy tartibsizliklar yuzaga keldi. Natijada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mamlakat boʻylab 2000 dan ortiq kishi ushlandi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 18-oktabr oqshomida xalqqa yoʻllagan murojaatida yuzaga kelgan vaziyatni keskin qoraladi. U talonchilik, vayronkorlik va politsiya xodimlariga nisbatan koʻrsatilgan zoʻravonliklarni qoralab, «Nega fransuzlar Fransiyaga bunday qilmoqda?» deya oʻz taassufini bildirdi.
Prezident vayronkorlik va talonchilikka qoʻl urgan shaxslar yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplashi shartligini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, Makron namoyishchilar haqli ravishda koʻtarib chiqayotgan qator ijtimoiy muammolar, jumladan, turmush xarajatlarining ortishi, real ish haqining pasayishi va taʼlim sohasidagi muammolardan xabardor ekanini bildirdi.
Fransiya rahbari hukumat yaqin vaqt ichida aholi vakillari bilan yaqindan muloqot oʻrnatib, yuzaga kelgan inqirozni hal qilish boʻyicha amaliy yechimlar ustida ishlashini vaʼda qildi. «Hech qanday holat bu zoʻravonliklarni oqlay olmaydi», dedi u oʻz nutqida.
Namoyishlar vaqti-vaqti bilan shiddatli tus olib, Parijda oʻnlab doʻkonlar va avtomobillarga jiddiy zarar yetkazildi. Marselda tartibsizlik ishtirokchilari shahar meriya binosiga bostirib kirishga muvaffaq boʻlishdi, Lionda esa shahar turistik ofisi binosiga oʻt qoʻyish holati qayd etildi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu norozilik harakati yangi oʻquv yili boshida maktab oʻquvchilarining faolligidan boshlangan edi. Oʻquvchilar taʼlim tizimini moliyalashtirishni koʻpaytirish hamda oliy taʼlim muassasalariga kirish sinovlarini isloh qilishni talab qilgandi.
Keyinchalik bu talablarga mamlakatda kuchayib borayotgan byudjet inqirozi fonida turmush qimmatlashishiga qarshi noroziliklar ham qoʻshilib, harakat doirasi yanada kengayib ketdi.
Ulashish