Jahon yangiliklari
AQSh Isroilga moliyaviy yordam ko‘rsatishni to‘xtatadi - Tramp
AQSh 2026-yil oxiriga borib Isroilga harbiy yordam ajratishni to‘xtatishi mumkin. Prezident Donald Trampning aytishicha, Isroil endi Amerika ko‘magiga muhtoj emas va qurol-yaroqlarni mustaqil ravishda xarid qila oladi. Bu haqda Oq uy rahbari Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh yillar davomida Isroilga milliardlab dollar mablag‘ yo‘naltirib kelgan. "Biz ularga 4 milliard dollar berib keldik - hozir ham beryapmiz - lekin yil oxiriga borib bu to‘lovlar to‘xtatiladi", - dedi AQSh yetakchisi. U bu yordam tovarlar va pul mablag‘larini o‘z ichiga olganini ta'kidladi.
Tramp bu yordamni to‘xtatish masalasini bir necha yil davomida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan muhokama qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalaning o‘rtaga tashlanishiga Isroilning o‘zi sabab bo‘lgan. "Ularga buning keragi yo‘q. Isroil - juda farovon mamlakat", - deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.
Fox News telekanalining qayd etishicha, amaldagi kelishuv 2028-yilga qadar har yili taxminan 3,8 milliard dollar miqdorida yordam ajratilishini nazarda tutadi. Biroq tomonlar bu borada yangi yondashuvlarni ko‘rib chiqmoqda. May oyida Binyamin Netanyahu CBS News telekanaliga bergan intervyusida yaqin o‘n yil ichida AQSh harbiy yordamidan bosqichma-bosqich voz kechish tarafdori ekanini ma'lum qilgan edi.
Netanyahu AQSh Isroilga ko‘rsatadigan yillik yordam bosqichma-bosqich to‘xtatilishi kerakligini ta'kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonni AQSh Kongressi tarkibi o‘zgarishini kutmasdan, hozirning o‘zidayoq boshlash mumkin.
Costs of War Project tadqiqoti ma'lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oktabr holatiga AQSh ikki yil ichida Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish uchun 21,7 milliard dollar sarflagan. Shuningdek, 2025-yil mart oyida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Donald Tramp prezident lavozimiga kirishganidan buyon uning ma'muriyati Isroilga taxminan 12 milliard dollarlik harbiy texnika yetkazib berishni ma'qullaganini ma'lum qilgandi.
Ulashish