Jahon yangiliklari
Litvaga Polsha tomondan portlovchi moddali Ukraina droni kirib kelgan
18-oktabr kuni Litvada qulagan uchuvchisiz uchish apparati Ukrainaga tegishli bo‘lib, mamlakatga Polsha tomondan kirib kelgan va portlovchi modda olib yurgan. Bu haqda Litva bosh vaziri Mindaugas Sinkyavichyus maʼlum qildi. Kiyev dron Rossiyaning radioelektron kurash vositalari taʼsirida yo‘nalishdan adashgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Litvaning LRT teleradiokompaniyasi xabariga ko‘ra, Sinkyavichyus bu haqda 19-oktabr kuni Vilnyusda Milliy xavfsizlik komissiyasi yig‘ilishidan so‘ng gapirgan. Bosh vazirning aytishicha, apparatning Ukrainaga tegishli ekanini topilgan parchalar, Ukraina tomonining murojaati va hujum paytida dronlardan biri bilan aloqa yo‘qolgani haqidagi maʼlumotlar tasdiqlamoqda.
«Ehtimol, aynan shu dron Litva Respublikasi hududida portlagan. U portlovchi modda olib yurganiga shubha yo‘q», - degan Sinkyavichyus. U avval mamlakatga dronlar Belarus tomondan kirib kelganini, bu safar esa apparat Polsha yo‘nalishidan uchib kelganini taʼkidlagan.
Havoga ko‘tarilgan qiruvchilar harakatlanayotgan obyektni radarlarida qayd etgan. Biroq noqulay ob-havo tufayli uchuvchilar uni bevosita ko‘rib, aniqlash imkoniga ega bo‘lmagan. Sinkyavichyusning so‘zlariga ko‘ra, dron qulashining aniq sababi hali maʼlum emas.
Ehtimollar orasida texnik nosozlik, yonilg‘i tugashi, yer yoki daraxtlarga urilish bor. 18-oktabr tongida nomaʼlum obyekt bilan bog‘liq holat sabab Litva va Latviyada havo hujumi xavfi haqida ogohlantirish berilgan.
NATO bo‘yicha ittifoqchilarning harbiy aviatsiyasi ham jalb qilingan. Dron parchalari Litvaning Pasvalis tumanidagi Yuodjonis qishlog‘idan topilgan. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi o‘sha kuni hodisa yuzasidan afsus bildirgan.
Vazirlik izohiga ko‘ra, Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga qarshi operatsiya vaqtida dron Rossiyaning radioelektron kurash vositalari taʼsirida yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Bu ehtimol hozircha hodisaning tasdiqlangan sababi sifatida eʼlon qilinmagan.
Ulashish