Jahon yangiliklari
Keniyada sekta rahbari 190 bolaning oʻlimida aybdor deb topildi
Keniya sudi nasroniy voiz Pol Makkenzi va uning 28 nafar sherigini 190 bola hamda bir katta yoshli shaxsni oʻldirishda aybdor deb topdi. Ularga tayinlanadigan jazo 6-noyabr kuni eʼlon qilinishi kutilmoqda. Bu haqda xorijiy OAV va DW xabar tarqatdi.
Maʼlum qilinishicha, Mombasa shahri sudi mazkur qarorni 19-oktabr kuni chiqargan. Ushbu sud jarayoni Makkenzi asos solgan Xushxabar xalqaro cherkovi diniy guruhi aʼzolarining ommaviy oʻlimi bilan bogʻliq fojiaga aloqador hisoblanadi.
Pol Makkenzi 2003-yilda tashkil etgan diniy tashkiloti izdoshlarini Iso bilan uchrashish uchun ataylab ochlikdan oʻlishga undagan. Hind okeani sohilidagi Malindi kurorti yaqinida joylashgan Shakaxola oʻrmonidagi katta yer maydoni sekta markaziga aylantirilgan edi.
Tekshiruvlar davomida Makkenzi oʻz izdoshlari uchun oʻta ogʻir ochlik tartibini joriy qilgani aniqlangan. Uning rejasiga koʻra, avval bolalar, keyin oʻsmirlar, ayollar va oxirida erkaklar ochlikdan oʻlishi lozim boʻlgan.
Ayrim holatlarda bolalar ota-onalarining koʻz oʻngida ovqatdan mahrum qilingani fosh etildi. Huquq himoyachilarining shikoyatlaridan soʻng voiz 2023-yil aprel oyida hibsga olingan edi.
Tergov va qidiruv ishlari davomida sekta aʼzolarining bir qismini qutqarishga erishilgan boʻlsa-da, oʻrmondan koʻplab ommaviy qabrlar topildi. Sud-tibbiy ekspertizasi qurbonlarning aksariyati ochlikdan vafot etganini tasdiqladi.
Shu bilan birga, tekshiruvlar davomida boʻgʻilish va bosh miya jarohatlari oqibatida kelib chiqqan oʻlim holatlari ham aniqlangan. Keniya ommaviy axborot vositalari bu mudhish fojiani Shakaxola oʻrmonidagi qatliom deb atamoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, sekta qurbonlarining umumiy soni 400 kishidan oshishi mumkin. Hozirgi sud qarori esa aynan 190 bola va bir katta yoshli shaxsning oʻlimiga oid jinoyat ishi yuzasidan chiqarildi.
Ulashish